insurez
17-09-2025 14:38

Kattaqo‘rg‘on tumani prokurori Mirzaxon Nozimovning huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha tumanimiz aholisiga yo‘llagan MUROJAATI


Hurmatli Kattaqo‘rg‘on tumani aholisi va tumanimiz mehmonlari!

Barchangizga ma’lumki, har qanday mamlakatning taraqqiyoti va yuksalish darajasi aholi osoyishtaligi va xavfsiz hayotini hamda jinoyat uchun jazo muqarrarligini ta’minlash samaradorligi bilan baholanadi.
Hurmatli Prezidentimizning Rahbarligida mamlakatimizda barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. 
Bu islohotlarning tub mohiyati avvalo inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, turmush farovonligini oshirishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Muhtaram Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha PQ-1-sonli Qarori ijrosini ta’minlash, Siz azizlarni jinoyatlardan jabrlanib qolish ehtimolingizni oldini olish maqsadida tumanimizdagi kriminogen vaziyat yuzasidan mazkur murojaatimni yo‘llamoqdaman.
Bu borada “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli “konsepsiya” hayotga tatbiq etilgan.
Unga ko‘ra, “Mahalla yettiligi”ning mahallalarda huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar bilan ishlash borasida aniq vazifalari belgilab berilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jamoat tashkilotlari bilan hamkorligi kuchaytirildi.
Eng asosiysi, bu soha huquqbuzarliklar oqibati bilan kurashish emas, balki ularning barvaqt oldini olish zarurligi haqidagi muhim hayotiy siyosiy tamoyil asosida isloh qilinmoqda.

Hurmatli   fuqarolar !

Tuman hududida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish 
va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, tumanda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish 
va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar holati atroflicha o‘rganilib, xalq deputatlari Kengashining qo‘shma yig‘ilishlarida tanqidiy muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilingan.
Jinoyatlarning soni oshgan ayrim mahallalarda jinoyat sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlar o‘rganilib, har bir jinoyat turi bo‘yicha ularning barvaqt oldini olishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Shunga qaramasdan, joriy yilning avgust oyida tumanda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar o‘tgan iyul oyiga nisbatan bir baravariga oshgan, ya’ni o‘tgan oyda mahallalarda 11 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilgan bo‘lsa, avgust oyida 21 ta sodir bo‘lgan.
Ushbu oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar, jumladan o‘g‘rilik jinoyati tumandagi “Yovi”, “Mundiyon”, “Burgansoy”, M.Ulug‘bek, “Do‘stlik”, “Jizmonsoy”, A.Navoiy, “Polvontepa”, “Yangiqo‘rg‘oncha”, “Nayman” va “Moybuloq” mahallalarida, tan jarohat yetkazish tumandagi “Balanchordara”, “Go‘zal”, “Yangiqiyot”, “Chig‘atoy”, “Zarqo‘rg‘on” va “Valijon” mahallalarida, talonchilik tumandagi “Saroyqo‘rg‘on” mahallasida sodir bo‘lgan.
Ushbu mahallalarda sodir bo‘lgan o‘g‘rilik jinoyati asosan fuqarolarning qoramollarini qarovsiz qoldirilishi natijasida sodir bo‘lgan. Tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlar fuqarolarning muomala madaniyatiga rioya qilmasligi, yo‘l qoidalariga rioya qilmasligi va qonunlarga bo‘ysunmasligi sabab bo‘lmoqda.
Aziz tumandoshlar, xalqimizning farovon tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish barcha prokuratura organlari xodimlarining oliy maqsadidir.
Ushbu kunda barchangizning e’tiboringizni bir jihatga qaratmoqchiman, ishonchim komilki ushbu murojaatimiz Sizlarni befarq qoldirmaydi.
Ma’lumki keyingi paytlarda ko‘plab fuqarolarni qoramollari qarovsiz qoldirilganidan foydalanib, o‘g‘irlik sodir bo‘lmoqda, oqibatda fuqarolar mehnati orqasidan parvarishlab kelayotgan mulklaridan bir soniyada mahrum bo‘lmoqda.
Albatta, huquq tartibot organlari tomonidan jabrlanuvchilarning murojaatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirilib, tegishli choralar ko‘rilmoqda, biroq ayrim hollarda fuqarolarimizning o‘z mulkiga e’tiborsizligi, o‘ziga ishonuvchanligi, ba’zida esa mulkini qarovsiz qoldirganligi qonunbuzarlarga qarshi kurash samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, hozirda tumanimiz fuqarolari o‘zining mol-mulklarini ya’ni, uy-hayvonlarini qarovsiz qoldirishi oqibatida o‘g‘rilik jinoyati ham ko‘payib bormoqda.
Shu sababli, Siz tumanimiz aholisidan yashash joylaringizda uy-hayvonlaringizni qarovsiz qoldirmasliklaringizni so‘rayman. 

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki - jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar, mahallalarda kriminogen vaziyat va jinoyatlar dinamikasi to‘liq tahlil qilinib, ularning faoliyatiga xolisona baho bergan holda, aybdor shaxslarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda, jinoyatlar soni oshgan mahallalarga mavjud kuch va vositalar to‘g‘ri taqsimlanmoqda, oila-turmush doirasida, ya’ni yaqin qarindoshlar o‘rtasida sodir etiladigan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar kuchaytirilmoqda.
Aziz tumanimiz aholisi, tuman hududida sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olishda olib borilayotgan profilaktik ishlarga bee’tibor bo‘lmang, ushbu tadbirlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yaqindan yordamingizni ayamang, qonunlarga rioya qiling.

Teglar
- -