insurez

|

Ko'zi ojizlar uchun sayt versiyasi
13-12-2025 09:19

Kattaqo‘rg‘on tumani IIB boshlig‘i Aslam Ochilovning “Xavfsiz kibermakon” oyligi bo‘yicha profilaktik ogohlantiruvchi MUROJAATI


Assalomu alaykum, Aziz Kattaqo‘rg‘onliklar hamda tumanimiz mehmonlari !

Muhtaram Prezidentimizning qarorlarini ijrosini ta’minlash maqsadida har oyning yakuni bilan tumanimizdagi kriminogen vaziyat bo‘yicha “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat” yo‘llab borilmoqda.

Sizlarga, tumanimizda noyabr oyida sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha qisqacha ma’lumot bermoqchiman.

Joriy yilning noyabr oyida jami 47 ta jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, ushbu jinoyatlarning 32 foiz tashabbus bilan aniqlanadigan, 68 foiz oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar tashkil etadi.

Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida tuman hududida noyabr oyida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlardan qotillik, talonchilik, bosqinchilik, nomusga tegish va avtomashinalarni olib qochish jinoyatlari sodir etilishiga yo‘l quyilmadi.

Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan tadbirlar natijasida, noyabr oyida -69 ta mahallalarning 41 tasida jinoyatlar umuman sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Jinoyat sodir etilgan mahallalarda kriminogen vaziyatni jilovlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Hurmatli fuqarolar! So‘nggi oylarda tumanimiz hududida bezorilik va o‘g‘irlik jinoyatlari soni o‘tgan yilga nisbatan oshgani kuzatilmoqda. Bu esa ayrim fuqarolarning qonun talablariga befarq bo‘layotganidan, shuningdek, mulkka nisbatan e’tiborsizligidan dalolat bermoqda. Ichki ishlar bo‘limi barcha fuqarolardan jamoat tartibini saqlash, o‘z mulki va qo‘shnilarining xavfsizligiga befarq bo‘lmaslik, shubhali shaxslar va holatlar to‘g‘risida zudlik bilan mahalla profilaktika inspektori yoki 112 raqamiga xabar berishni so‘rayman.



         Ichki ishlar organlari tomonidan jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va profilaktik choralarni kuchaytirish yo‘lida amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu borada Sizlarning hushyorligingiz, ogohligingiz va hamkorligingiz biz ichki ishlar organlari uchun eng muhim omil hisoblanadi.

Murojaatim davomida yana bir qator muhim yo‘nalishlarga ham ALOHIDA TO‘XTALMOQChIMAN.

-Sizga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lib, shaxsiy ma’lumotlaringiz so‘ralsa yoki bank kartangizga hujum bo‘layotganligi aytilsa, shuningdek telegram kanallar yoki notanish veb-saytlar orqali tarqatilayotgan virusli .APK fayllarini yuklab olmang va o‘rnatmang, bankning ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib holatga oydinlik kiriting, kiber jinoyati jabrlanuvchisiga aylanib qolmang!

-Xonadonlar va boshqa ob’ektlarni ishonchli tarzda himoyalash maqsadida, ularni qo‘riqlash pultiga topshirishingizni tavsiya qilaman.

-Chorva mollaringizni kechki vaqtlarda qarovsiz holda ochiq joyda qoldirmasligingizni so‘rab qolaman.

Hurmatli Kattaqo‘rg‘onliklar tumanimiz hududida:

-jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish,

-jinoyatchilikka qarshi kurashish,

-mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda albatta keng jamoatchilik vakillari va Siz aziz fuqarolarimizga tayanamiz.

Murojaatim yakunida, Siz azizlarni yana bir bor ogohlikka chaqiraman.

O‘z uyimiz, o‘z mahallamizni osoyishtaligini birgalikda o‘zimiz asraylik!

Aziz yurtdoshlar.

Teglar
- -