insurez
23-06-2025 09:39

Viloyat rahbari Kattaqo‘rg‘on tumanidagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar bilan tanishdi


Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Kattaqo‘rg‘on tumanida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, hududlar infratuzilmasini yaxshilash borasidagi ishlar bilan tanishib, qator loyihalar yuzasidan aniq vazifalar belgiladi.

600 bosh qoramol, yangi loyiha — 11 milliard so‘m

Melixo‘ja mahallasidan joy olgan “Buter shop” chorvachilik klasterida bugungi kunda 600 bosh qoramol, 150 bosh qo‘y va 60 bosh ot parvarish qilinmoqda. Tadbirkor kelgusida qiymati 11 milliard so‘m bo‘lgan, 1000 bosh naslli sigir uchun mo‘ljallangan yangi chorvachilik majmuasini amalga oshirishni rejalashtirgan. Oziq-ovqat ta’minotini barqarorlashtirish va mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish masalalari yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Boltabek mahallasida — fikr almashuv va yechimlar

Boltabek mahalla faollari, nuroniylar va "mahalla yettiligi" bilan bo‘lgan uchrashuvda aholini o‘ylantirayotgan masalalar muhokama qilindi. Bandlik, uy-joy ta’minoti, infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish yuzasidan amaliy takliflar bildirildi.

200 ish o‘rniga mo‘ljallangan fabrika – eksport 2 million dollar

Mundiyon mahallasidagi “Boyraz Tekstil” xorijiy tikuv fabrikasi 13 milliard so‘mlik loyiha hisoblanadi. Bugungi kunga kelib, 100 nafar ishsiz xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan. Fabrikada mayka va futbolkalar tayyorlanib, 2 million dollarlik mahsulot xorij davlatlariga eksport qilinmoqda. Yangi syexlar tashkil etish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish va eksport salohiyatini yanada oshirish yuzasidan aniq takliflar berildi.

Mundiyonda infratuzilma va xizmat sohasiga doir loyihalar taqdimoti

Mahallada viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari, tadbirkorlar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish, yo‘l va elektr ta’minotini yaxshilash, xizmatlar ko‘rsatish sohasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Energiya tejovchi texnologiyalar, xususiy sektor orqali bandlikni oshirish kabi masalalar bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Kattamingda yoshlar, fermer va ta’lim masalalari e’tiborda

Kattaming mahallasining “mahalla yettiligi” a’zolari bilan bo‘lgan uchrashuvda hududda amalga oshirilayotgan ishlar, muammolar va takliflar atroflicha muhokama qilindi. Yoshlar uchun ajratilgan 5 gektarlik yerda anjirchilik tashkil etilgan bo‘lib, u bandlik va daromad manbaiga aylangan.

Shuningdek, “Petrol Agro Biznes NOM” fermer xo‘jaligida Shinjon texnologiyasi asosida yetishtirilayotgan paxta dalasi ko‘rib chiqildi. Yangi agrotexnologiyaning natijalari ijobiy baholanib, boshqa mahallalarda ham joriy etish tavsiya etildi.