O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasiga 31 yil to‘ldi
Kattaqo‘rg‘on tumanida O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasining 31 yilligiga bag‘ishlangan tadbir yuqori ruhda nishonlandi. Dastlab, yodgorlik poyiga gulchambar qo‘yilib, Vatan himoyasida halok bo‘lganlarning xotirasi yod etildi. Bu sa’y-harakatlar orqali tinchlik va osoyishtalik uchun bor kuchini ayamagan qahramonlarga chuqur ehtirom bildirildi.
Bayram “Okean” bazmgohida davom etdi. Tadbirda qatnashganlar baynalminalchi jangchilarni har ikki sana munosabati bilan samimiy tabrikladi. Ularga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Ma’lum qilinishicha, 1979-1989 yillardagi harbiy harakatlarda Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlash uchun Kattaqo‘rg‘on tumanidan 418 nafar askar xizmat qilgan. Ulardan 12 nafari jang maydonida halok bo‘lgan, 7 nafar jangchi esa yarador holda qaytgan. Bu raqamlarning o‘ziyoq, urushning og‘ir oqibatlarini va tinch hayotning bebaho ekanini yana bir bor yodga soladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar baynalminalchi jangchilarning bugungi kunda yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni va faoliyati haqida to‘xtalib, ularni vatanparvarlik, mehnatsevarlikka chorlashda ibrat namunasi sifatida baholashdi. Ular hayot yo‘llari va xizmatlari orqali tinch hayotning qadrini tushuntirishda davom etmoqdalar.
Tadbir yakunida quy-qo‘shiqlar yangrab, shirin diydorlashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu kabi tadbirlar yoshlarni vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.