insurez
20-06-2025 08:55

Yoshlar festivali – yangi avlod salohiyatining yorqin namoyoni


Kattaqo‘rg‘on tumanida 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston – yoshlar mamlakati!” shiori ostida keng qamrovli Yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. Tuman markazidagi “Yoshlik” istirohat bog‘ida o‘tkazilgan mazkur tadbir yoshlarning iqtidori, tashabbuskorligi va yurt ravnaqiga bo‘lgan sadoqatini namoyon etgan muhim voqeliklardan biri bo‘ldi. Festivalda tuman hokimligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi, ta’lim muassasalari, sport maktablari, madaniyat bo‘limlari, tibbiyot va ichki ishlar tizimi hamkorligidagi yo‘nalishlar qamrab olindi.

Tadbirning bosh qismida yosh ijodkorlar, xonandalar va raqs jamoalarining chiqishlari namoyish etildi. O‘quvchi va talabalar tomonidan tayyorlangan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, vatangirlik mavzusidagi she’riy chiqishlar, raqs va kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilar va tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. VIA “Maroqand” guruhi tomonidan ijro etilgan jonli konsert tantananing kayfiyatini yanada ko‘tardi.

Festival doirasida ommaviy sport tadbirlari ham o‘tkazildi. Futbol, voleybol, armrestling, stol tennisi va strit vorkaut yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalarda yoshlar o‘z mahoratlarini namoyon etdi. Shuningdek, “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostidagi yurish aksiyasi ham tashkil qilindi.

Faol yoshlar, turli tanlov va olimpiadalar g‘oliblari, iqtidorli talabalar hamda yosh mutaxassislar festival davomida tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan taqdirlandi. Ularga esdalik sovg‘alari, tashakkurnomalar va diplomlar topshirildi.

Tadbir doirasida yosh tadbirkorlar va hunarmandlar ishtirokida mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Turli yo‘nalishdagi startap loyihalar, qo‘l mehnati bilan tayyorlangan milliy suvenirlar, rassomlar va fotosuratchilar asarlari jamoatchilikka taqdim etildi.
Kitobxonlik va ma’naviy tarbiya “Yosh kitobxon” tanlovi doirasida yoshlar o‘rtasida kitob ko‘rgazmalari, asarlar tahlili va mualliflar bilan uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ushbu jarayonlar yosh avlodning bilimga, ma’rifatga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qildi.

Festivalda so‘zga chiqqan tuman hokimi Jamshid Nasriddinov yoshlarni bayram bilan tabriklar ekan, shunday dedi:
– Yoshlar – millat tayanchi, kelajak poydevori. Bugun ularga yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar har bir yoshning o‘z salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun keng maydon yaratib berayotir. Biz ularga ishonamiz va doimo qo‘llab-quvvatlaymiz.
Mazkur festival tuman yoshlarining intellektual va ma’naviy salohiyatini namoyon etish, ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ijod va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
 

Teglar
- -