Yoshlar bilan ishlashni muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman komissiyasi faoliyati muhokama qilindi
Kattaqo‘rg‘on tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2025 yil 14 fevral kuni yoshlar bilan ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan 9-sonli topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Xusan Tuxtayev, tuman hokimi Jamshid Nasriddinov, tuman rahbarlari, mahalla faollari, mutasaddi tashkilotlar va idoralar mas’ullari hamda "Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman komissiyasi" a’zolari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda tumanda yoshlar bilan ishlash sohasida 2025 yilning birinchi yarim yilligi davomida amalga oshirilgan ishlar tahlili, aniqlangan muammo va kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Xususan, har bir mahallada “Yoshlar daftari” bilan ishlash samaradorligi, yoshlarni bandlikka jalb etish, tadbirkorlik ko‘nikmalariga ega bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va sport sohalaridagi yutuqlarni rag‘batlantirish masalalari alohida ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, har bir yosh shaxsning qobiliyati, qiziqishlari va muammolari o‘rganilib, ular bilan yakkama-yakka ishlash tizimini yanada takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda tuman komissiyasining 2025 yil II yarim yillikka mo‘ljallangan aniq rejalari tuzib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, amaliy natijadorlikka erishish va har bir yoshning hayotida ijobiy o‘zgarishlar qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.