🎓 Orzudagi maktabga yo‘l: 1-IDUM yangi zamonaviy binosiga ega bo‘lmoqda
Bir necha yillardan buyon o‘zining alohida binosiga ega bo‘lmay, vaqtincha joylarda faoliyat yuritib kelayotgan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi (IDUM) uchun nihoyat yangi davr boshlanmoqda.
Ayni paytda mazkur ta’lim maskani uchun Mundiyon mahallasida 570 o‘ringa mo‘ljallangan, barcha zamonaviy ta’lim standartlariga javob beradigan maktab binosi qurilishi boshlangan. Ushbu loyiha 6 milliard 840 million so‘mlik mablag‘ asosida “Mundiyon Bektoshbek” qurilish korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
🧱 Bu 1-IDUM uchun ilk katta bunyodkorlik loyihasi emas. Ilgariroq ham maktab tashabbusli byudjet doirasida 120 o‘rinli bino qurish loyihasida g‘olib chiqqan edi va mazkur bino foydalanishga topshirilgan. Ta’lim sifatini yanada yaxshilash maqsadida joriy mavsumda ham IDUM tashabbusli byudjet tanlovida ishtirok etib, sport zali qurish loyihasini yutib oldi.
🎯 Istiqbollar aniq, maqsadlar ulkan. Ushbu amalga oshirilayotgan ishlar orqali nafaqat o‘quvchilar uchun, balki ustozlar, ota-onalar va mahalla jamoasi uchun ham qulay, samarali ta’lim muhiti yaratiladi.
📚 Ilmiy salohiyat, iqtidorli yoshlar va zamonaviy infratuzilma — bularning barchasi 1-IDUMning kelajakdagi muvaffaqiyatlariga yo‘l ochadi.