Oila – muqaddas qasr
Har qanday jamiyatning poydevori sog‘lom va mustahkam oiladan boshlanadi. Ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, tinch va farovon hayot barpo etishda oilaviy muhit hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu bois yurtimizda oilalarning barqarorligi, xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish va ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kattaqo‘rg‘on tumanida “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash” bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
2022 yil yanvar oyida tuman hokimining qaroriga asosan har haftaning chorshanbasi kuni “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash” komissiyasi ishchi guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu ishchi guruh tarkibiga tuman rahbariyati, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, soliq va ijtimoiy tuzilmalar rahbarlari ham kiritilgan.
Har chorshanba kuni nizoli, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar holati o‘rganilib, sabab va oqibatlar tahlil etiladi. Bolalarning kelajagi, ruhiy holati, ota-ona muhitida yetishmaslikning zararli ta’siri muhokama qilinadi. Ajrimlarning oldini olish chora-tadbirlari belgilanib, oilalarga zarur yordamlar ko‘rsatiladi.
So‘nggi 4 oylik tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oilaviy ajrimlarga asosan farzandsizlik, uchinchi shaxs aralashuvi, moddiy muammolar va faqat shar’iy nikohda yashab kelayotgan oilalarning huquqiy nikohga o‘tkazilishidagi tushunmovchiliklar sabab bo‘layotgani aniqlangan.
Oilaviy ajrimlarning oldini olish – yoshlarni hayotga tayyorlashdan boshlanadi.
Shu bois, tumanda Oila va xotin-qizlar maskanimizda yosh oilalarni hayotga tayyorlash bo‘yicha o‘quvlar tashkil etildi. Nikoh uchun ariza topshirgan har bir yoshga hayot maktabi sifatida maslahatlar, bilimlar berib borilayotir.
“Ayollar daftari” – ehtiyojmand xotin-qizlar uchun amaliy yordam platformasi
2025 yilda “Ayollar daftari”ning 6-bosqichi doirasida tumanda 6546 nafar xotin-qiz ijtimoiy himoyaga muhtoj deb ro‘yxatga olindi. Ularning ehtiyojlari turkumlarga ajratilgan holda o‘rganilib, manzilli yordam ko‘rsatilib kelinmoqda.
Joriy yilning 1-choragida homiylar hisobiga 296 nafar xotin-qizga 1 million so‘mdan, 43 nafariga 4,5 million so‘mdan, 2 nafar fuqaroga 10 million so‘mdan moddiy yordam berildi. Oziq-ovqat, dori-darmon, uy ta’miri, ijara kompensatsiyasi kabi yo‘nalishlarda yordamlar tashkil etildi. May oyida 1271 nafar xotin-qizga eng kam oylik ish haqining ikki barobari miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratildi.
Shu bilan birga, 2312 nafar xotin-qiz doimiy ish joylari, kasb-hunar o‘quvlari va tadbirkorlik sohalarida bandligiga erishdi. Sayxunobod tajribasi asosida 579 nafar xotin-qizga tadbirkorlik ko‘nikmalari, 297 nafariga esa kasb-hunar ta’limi berildi. Ipakchilik sohasida 5598 nafar xotin-qiz band qilindi, 17 nafari imtiyozli kredit oldi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Sog‘lom jamiyat poydevori bo‘lgan oilaviy munosabatlarni asrab-avaylash, ayniqsa yoshlarimizni sog‘lom oila qurishga tayyorlash bugungi kunning dolzarb vazifasidir. Biz bu yo‘lda o‘z faoliyatimizni izchil davom ettiramiz.
Kattaqo‘rg‘on tuman hokimi o‘rinbosari
Sayyora JUMAYeVA