Korrupsiyaga qarshi kurashdan oila a’zolari xabardormi?
Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda bu borada muhim qonunlar va dasturlar qabul qilinib, jamiyatda tozalik va shaffoflik muhitini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Shu maqsadda Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi majlislar zalida muhim tadbir tashkil etildi. Unda Kattaqo‘rg‘on tuman elektr tarmoqlari korxonasi va Kattaqo‘rg‘on shahar elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari, shuningdek, ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda tuman hokimi Jamshid Nasriddinov, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali Korrupsiyaga qarshi kurash va komplayens nazorat xizmati boshlig‘i Jamol Allamurodov, shuningdek tuman prokurori Mirzaxon Nozimov ishtirok etib, sohada shaffoflik va mas’uliyat masalalari yuzasidan atroflicha fikr bildirishdi.
Tadbirda korrupsiyaning nafaqat davlat tizimiga, balki oila, farzand tarbiyasi va kelajak avlod ongiga ham jiddiy salbiy ta’siri borligi ta’kidlandi. Xodimlarning o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishi, oila a’zolarining esa ularning ish faoliyatida halollik va adolatni qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Ushbu tadbir oila a’zolarini ham jalb etgan holda o‘tkazilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Zero, korrupsiyaga qarshi kurash — faqatgina jinoyatlar uchun javobgarlik emas, balki umuminsoniy, oilaviy va fuqarolik burch hamdir.