Kattaqo‘rg‘onda "Yashil makon" loyihasi davom etmoqda: sog‘lom ekologiya - farovon kelajak garovi
Obodlik, ko‘rkamlik, ekologiya va atrof-muhit musaffoligining el-yurt ravnaqi, xalq istiqboli, Vatanni asrab-avaylash va kelajak avlodga musaffo holda yetkazishdagi ahamiyati beqiyos. Prezidentimiz tashabbusi bilan e’lon qilingan va butun mamlakatimiz bo‘ylab keng miqyos kasb etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ana shunday ezgu maqsadga qaratilgan.
Kattaqo‘rg‘on tumanida ham "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Tuman aholisi va tashkilotlari hududlarni ko‘kalamzorlashtirishga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.
Jumladan, bugun Kattaqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari Juma-Kattaqo‘rg‘on yo‘li bo‘yiga 3500 tup yapon saporasi, katalpa va klyon manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishdi. Ushbu tadbir nafaqat hududning ekologik holatini yaxshilashga, balki aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qiladi.
"Yashil makon" loyihasi doirasidagi bu kabi tashabbuslar Kattaqo‘rg‘on tumanining yanada obod va ko‘rkam bo‘lishiga, ekologik muvozanatni saqlashga va kelgusi avlodlarga sog‘lom muhitni meros qoldirishga xizmat qiladi.




