Kattaqo‘rg‘onda urug‘chilik sohasida ilg‘or tajriba — Respublika miqyosidagi o‘quv-amaliy seminar “Kattaming urug‘chilik klaster”da o‘tkazildi
Joriy yilning 7 avgust kuni Samarqand viloyatida urug‘lik g‘o‘za maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigi hamda urug‘lik don tayyorlashga bag‘ishlangan ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Respublika ishchi guruhi vakillari, shuningdek Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy va Samarqand viloyatlari hokimlarining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari, viloyat va tuman qishloq xo‘jaligi mas’ul xodimlari, agronom-mutaxassislar, urug‘chilik sohasi faollari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — urug‘lik g‘o‘za maydonlarida aprobatsiya ishlari sifatini oshirish, urug‘lik donni tayyorlash va saqlash texnologiyalari bilan tanishish, tajriba almashish va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Seminar doirasida ishtirokchilar Kattaqo‘rg‘on tumanidagi "Kattaming urug‘chilik klaster" MCHJ faoliyati bilan tanishishdi. Bu yerda urug‘lik donlarini saralash, tayyorlash va ularni zamonaviy, sovutgichli omborxonalarda saqlash jarayonlari amaliy ravishda namoyish etildi. Xususan, hosil sifati, urug‘ning biologik ko‘rsatkichlari va standart talablarga muvofiqligini baholash jarayonlari mutaxassislar ishtirokida ko‘rib chiqildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan ilg‘or tajribalar, amaliy tavsiyalar va kelgusidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.