Kattaqo‘rg‘onda davlat xizmatchilari uchun zamonaviy boshqaruvga oid ekspress-trening o‘tkazildi
Kattaqo‘rg‘on tumanida davlat xizmatchilari uchun shaxsiy va kasbiy salohiyatni oshirishga qaratilgan muhim tadbir — ekspress-trening mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali hamkorligida tashkil etilgan ushbu mashg‘ulotlarda tuman hokimining o‘rinbosarlari, hokimlik apparati xodimlari, shuningdek, tashkilot va korxonalar rahbarlari faol ishtirok etdi.
Treningning asosiy maqsadi – rahbar kadrlarning zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini mustahkamlash, jamoa bilan samarali ishlash, stressni boshqarish va mas’uliyatli qarorlar qabul qilishga oid bilim va mahoratni oshirishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulotlar interaktiv tarzda, ochiq muloqot, guruhli muhokama va amaliy topshiriqlar orqali o‘tkazilib, ishtirokchilar rahbarlik madaniyati, kommunikativ salohiyat va innovasion yondashuvlar bo‘yicha fikr almashishdi.
Ushbu ekspress-trening davlat xizmatchilari uchun ilg‘or tajribalarni o‘rganish, o‘zi ustida doimiy ishlash va boshqaruvda samaradorlikni oshirishga xizmat qiluvchi navbatdagi qadam bo‘ldi.