insurez
05-05-2025 15:29

KATTAQO‘RGʻONDA ADABIYOT BAYRAMI


Kattaqo‘rg‘on adabiy muhiti mamlakatimizda o‘z o‘rni va salohiyatiga ega. Tuman ijodkorlari yaratayotgan asarlar xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatining yuksalishiga xizmat qilmoqda. 

Yaqinda Jizmonsoy mahallasida tuman ijod ahli tashabbusi bilan yirik she’riyat bayrami o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent va Andijon viloyatlaridan ijodkorlar ishtirok etishdi.

Adabiy uchrashuvlar mahalladagi 88-, 74- va 75-maktablarda bo‘lib o‘tdi. Ijodkorlar tomonidan o‘qilgan she’rlar, adabiy suhbatlar va savol-javoblar yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, kitob o‘qish va ijodkorlikka qiziqishni oshirishda muhim rol o‘ynadi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Durposhsha Xudoynazarova (Xorazm), O‘lmasbek Samarqandiy (Paxtachi), Shahriddin Umirov (Ishtixon), shuningdek, Gʻazalxon Andijoniy, Adolat Nasriddinova, Dilbar Vasiyeva, Salomat Mamatqulova, Lutfullo Saidov, Zahriddin Karomatov kabi iste’dodli ijodkorlarning chiqishlari katta qiziqish uyg‘otdi. Ular maktab kutubxonalariga o‘z kitoblarini sovg‘a qilib, yoshlar uchun g‘oyat qimmatbaho tuhfa taqdim etishdi.

Bayramda rassom Chori Shams ham ishtirok etib, Jizmonsoy manzaralaridan ilhomlanib, eskizlar yaratdi. Mezbonlar sifatida Rustam Xushvaqtov, Do‘stmuhammad Do‘st, Gʻofir Qarshiyev, Otabek Mirzaqobilov, Fayzullo Turdiyev, Safar Turon, Qahramon Eshmurodov, Salim Yusupov, Abdimurod Abdirazzoqov, Abdisodiq Nomozov, Asal Sanaqulova kabi ijodkorlar alohida e’tirofga loyiq chiqishlar qildi.
Jizmonsoyning so‘lim bog‘larida bir piyola choy ustida qorong‘u tushguncha davom etgan ushbu uchrashuv ishtirokchilarning qalbida adabiyot bayrami sifatida yodda qoldi.

Hasan ALMATOV

Teglar
- -