insurez
17-02-2025 08:20

Kattaqo‘rg‘on tumanida tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy seminar


Kattaqo‘rg‘on tumanida tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali aholi daromadlarini oshirish maqsadida keng ko‘lamli amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimi Jamshid Nasriddinov, sektor rahbarlari, Xalq qabulxonasi mudiri, mahalla raislari, hokim yordamchilari, qishloq xo‘jaligi tashkilotlari va mutaxassislar ishtirok etdilar. Seminar davomida ishtirokchilar tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha amaldagi tajribalar bilan yaqindan tanishdilar.


Tadbirning ilk manzili Balandravot mahallasida yashovchi Muhammad Gʻaybullayevning xonadoni bo‘ldi. U 1 gektar ijara yer maydonida manzarali va mevali ko‘chatlar yetishtirib, yiliga 350-400 million so‘m daromad olmoqda. Mutaxassislar yerdan samarali foydalanish, manzarali ko‘chatlarni yetishtirish va bozorda yuqori talabga ega bo‘lgan mahsulotlarni parvarish qilish borasida tajriba almashdilar.


Seminar doirasida ishtirokchilar navbatdagi manzil — Balandravot mahallasida yashovchi Alisher Norov xonadonida ham bo‘lishdi. Bu yerda ham manzarali va mevali daraxtlar yetishtirish faoliyati olib borilmoqda. Qimmatbaho manzarali daraxtlarni parvarishlab, xonadon egalari yillik daromadini sezilarli darajada oshirmoqda. Bunday tajriba ko‘plab dehqonlar uchun namuna bo‘ldi.


Shundan so‘ng, ishtirokchilar Sho‘rak mahallasida yashovchi Surayyo Jo‘rayeva xonadonidagi parrandachilik faoliyati bilan tanishdilar. Surayyo Jo‘rayeva 1800 bosh tuxum yo‘nalishidagi tovuq boqib, kunlik 1500 ta tuxum olishga erishmoqda. Bu orqali u har kuni o‘rtacha 1,5 million so‘m daromad qilayotgani, kichik tadbirkorlikda katta samara berishi ta’kidlandi.


Seminarning yana bir qiziqarli qismi Sho‘rak mahallasidagi ko‘chatlar yarmarkasi va mini qishloq xo‘jaligi texnikalari ko‘rgazmasi bo‘ldi. Ishtirokchilar urug‘lar va ekinlarga qarshi ishlov ximikatlari ko‘rgazmasi orqali zamonaviy agrotexnologiyalar haqida ma’lumot oldilar. Shuningdek, mahallada yashovchi Bahodir Ochilovning tomorqasidan samarali foydalanish tajribasi bilan ham tanishdilar. U yil davomida uch marta hosil olish orqali tomorqasidan katta daromad olayotgani qayd etildi.


Seminar davomida ishtirokchilar Alijon mahallasida yashovchi Suxrob Eshnazarov, Kattako‘rpa qishlog‘idagi Sobir Saidov va Erkinnafas qishlog‘idagi Shirinboy Rabbinov xonadonlarida tashkil etilgan ko‘chatchilik va issiqxonachilik faoliyatlari bilan ham yaqindan tanishdilar. Ushbu faoliyatlar orqali dehqonlar yuqori hosildorlikka erishib, turli mevali daraxtlar va ko‘katlarni zamonaviy usullarda parvarish qilmoqdalar.


Bu kabi amaliy tadbirlar tumandagi dehqon va tadbirkorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga, yerdan samarali foydalanish orqali aholi daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.

Teglar
- -