Juma-Kattaqo‘rg‘on yo‘li: cho‘l emas, bog‘ bo‘ldi
Bundan ikki uch yil oldin Juma-Kattaqo‘rg‘on yo‘lidan o‘tgan har qanday kishi nazarini olib qo‘yadigan manzaraga duch kelardi — qurg‘oq, yassi yerlar, hech qanday soya-salqin yoki ko‘rkamlikdan darak yo‘q edi. Yo‘l bo‘yida birorta ham daraxt ko‘zga tashlanmas, tabiatdan uzilganday tasavvur uyg‘otardi.
Bugun esa, manzara butunlay o‘zgargan. Bu — davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining amaliy samarasidir. Kattaqo‘rg‘on tumanida ham ushbu loyiha doirasida keng qamrovli ishlarning amalga oshirilayotganini ko‘rish mumkin. Tumanda ko‘plab bog‘lar, yashil belbog‘lar tashkil etildi, ular qatorida Juma-Kattaqo‘rg‘on yo‘li atrofi ham yosh nihollar bilan obod etildi.
Hozirgi kunda bu yo‘l bo‘ylab harakatlanayotgan har bir kishi hali kecha ekilgan daraxtlarning bugun buy cho‘zib, hayotga nafas baxsh etayotganiga guvoh bo‘lishi mumkin. Eng muhimi — bu tashabbus nafaqat tabiatga, balki inson qalbiga ham yashillik, surunkali taraqqiyot va umid baxshida etmoqda.
“Yashil makon” — bu faqat loyiha emas. Bu — o‘z kelajagiga befarq bo‘lmagan, har bir fuqaro hissa qo‘shishi kerak bo‘lgan umumxalq harakatidir. Shu bois, har birimiz o‘zimizning burchimiz deb bilib, bir tup daraxt ekish, uni parvarishlash orqali farzandlarimiz uchun sog‘lom va obod muhit yaratishimiz kerak.