Ijtimoiy himoya samarasi: yarim yilda 7909 nafarga amaliy yordam
Kattaqo‘rg‘on tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan 2025 yilning yanvar-iyun oylari mobaynida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami bilan tizimli va samarali ishlar olib borildi. Xususan, nogironligi bo‘lgan va yordamga muhtoj shaxslar hamda oilalarga keng qamrovli ko‘maklar ko‘rsatildi.
Joriy yilning birinchi yarmida tumandagi 555 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaro hamda 98 nafar nogironlik guruhiga ega bo‘lmagan, lekin pensiya yoshida bo‘lgan shaxslarga jami 653 ta reabilitatsiya texnik vositasi va protez-ortopediya moslamalari taqdim etildi. Bu uskunalar "Uzum Market" va "Pom Market" onlayn platformalari orqali elektron vaucherlar yordamida yetkazib berildi. Ushbu xayrli ish uchun davlat tomonidan 721 million 608 ming so‘m subsidiya mablag‘i yo‘naltirildi.
Tuman tibbiyot birlashmasi qoshida tashkil etilgan maxsus reabilitatsiya markazida 227 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni order asosida bepul davolanish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, 398 nafar nogiron fuqarolarning bandligi ta’minlanib, ular mehnat bozoriga moslashtirildi.
Ijtimoiy xodimlar tomonidan 18 turdagi xizmatlar bo‘yicha kelib tushgan 2495 ta arizadan 1985 tasi ijobiy hal etildi. Bu esa aholi bilan yaqin muloqot va samarali faoliyat natijasidir.
Shu davr mobaynida 483 nafar fuqaroga birlamchi nogironlik, 959 nafar fuqaroga esa qaytadan nogironlik belgilandi. 2025 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, tumandagi 7909 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsdan 45 nafari to‘liq sog‘ayib, ularning nogironlik guruhi bekor qilindi.
Shuningdek, 43 nafar nogironligi bo‘lgan bola tibbiy-ijtimoiy yordam natijasida sog‘lomlashtirilib, ularning nogironligi tugatildi. Bundan tashqari, 36 nafar shaxs qisman reabilitatsiya qilingani uchun II guruhdan III guruhga ko‘chirildi. Ayni paytda, kasallik og‘irlashganligi bois, 17 nafar shaxsning nogironlik guruhi III dan II guruhga o‘zgartirildi.
Bu ishlarning barchasi inson qadri va farovonligini ta’minlash, ijtimoiy tenglikni yuzaga chiqarish, ehtiyojmandlar dardiga malham bo‘lishga xizmat qiladi. Kattaqo‘rg‘on tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar kelgusida yanada ko‘lami kengayib, barcha ehtiyojmandlar manfaatiga xizmat qiladi.