Ayollarga ish, oilalarga baraka: Mundiyonda tadbirkor ayol tashabbusi
Kattaqo‘rg‘on tumani Mundiyon mahallasida faol tadbirkor Surayyo Saidahmatova tomonidan ayollar bandligini ta’minlashga qaratilgan samarali ish boshlab yuborildi. Mahalla binosida tashkil etilgan tikuv syexida hozirgi kunda 15 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ular oyiga o‘rtacha 2-3 million so‘m maosh olmoqda.
Tikuvchilar asosan ayollar kiyimlarini tikish bilan shug‘ullanishmoqda. Mahsulotlar sifat va dizayni bilan farq qilib, asosan Toshkent shahar bozorlarida savdoga chiqarilmoqda. Bu esa mahalliy mahsulotlarning bozorda o‘z o‘rnini topishi va tadbirkorlik orqali ayollarning iqtisodiy faolligini oshishiga xizmat qilmoqda.
Surayyo Saidahmatova tashabbusi mahalladagi ko‘plab ayollarga ish o‘rinlari yaratish bilan birga, oilalarning daromad manbaini oshirishga ham hissa qo‘shmoqda.
Bu kabi loyihalar ayollarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va farovon hayot sari yana bir muhim qadamdir.