KATTAQO‘RG‘ONDA 2023-YIL EKSPORT HAJMI OSHADI

[jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp we]

Mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlar, xizmatlar, investitsiya, qimmatli qog‘ozlar, texnologiyalar va boshqalarni tashqi bozorga chiqarish eksport deyiladi. Eksport so‘zi ingliz-lotin tilidan olingan so‘z bo‘lib, “olib chiqaman, chetga chiqaraman” degan ma’noni bildiradi. 

Sanoati rivojlangan mamlakatlarga sanoat mahsulotlari, ayniqsa, mashinasozlik mahsulotlari va texnologiyalarni, qoloq agrar iqtisodiyotga ega bo‘lgan mamlakatlar esa ko‘proq xom ashyo va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qiladi. Eksport hajmi oshgani sayin valyuta va investitsiya kirib keladi. Bu esa mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonda ham yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish, yangi xalqaro bozorlarga chiqish va eksport hajmini ko‘paytirish mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-maydagi “Eksport faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori eksport hajmini ko‘paytirishda muhim huquqiy hujjat bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2023-yilda tayyor mahsulotlar eksportini qo‘shimcha 4 milliard dollarga oshirish asosiy maqsad qilib qo‘yildi. Murojaatnomada bu yil boshlangan “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi o‘z samarasini bergani, bir yilning o‘zida 2 mingga yaqin tadbirkorlar ilk bor tashqi bozorlarga chiqqani, kelgusi yilda ham eksport qiluvchilarga transport va boshqa xarajatlarini kompensatsiya qilish davom ettirilishi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, Yevropa bozorlariga tekstil, elektr texnikasi, charm-poyabzal va boshqa tayyor mahsulotlar eksportini kamida 2 barobar oshirish, mahsulotlar eksporti bo‘yicha hozirgi 9 ta bosqichdan iborat bojxona rasmiylashtiruvini 3 barobar qisqartirish, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha asosiy muzokaralarni yakunlab, ichki qonunchilikni moslashtirish, yangi standartlarni joriy etish ishlarini jadallashtirish, 2023-yilda eksport hajmini tariximizda ilk bor 23 milliard dollardan orttirish kabi vazifalar qo‘yildi.

Kattaqo‘rg‘on tumanida ham yildan yil eksport mahsulotlari hajmi, turi va eksportyor korxonalar soni ortib bormoqda. O‘tgan 2022-yilda 14,9 million AQSH dollar miqdoridagi 31 xil turdagi mahsulotlar 14 ta eksportchi korxonalar tomonidan 11 ta davlatga eksport qilindi. Eksportning 11 mln. dollarini sanoat va 3.9 million dollarini meva-sabzavot mahsulotlari tashkil etdi.

Tumanda 2023-yilda eksport hajmini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi. 2023-yilda tumanda jami eksport hajmi 24,3 million AQSH dollariga yetkaziladi. Shundan, 19,2 million AQSH dollarini sanoat va 5,1 million dollarini meva-sabzavot mahsulotlari tashkil etadi. Bu o‘tgan yildagidan qariyb 2 barobarga ortiq demakdir. Mahsulotlar eksportini sektorlar kesimida oladigan bo‘lsak, eksportning 10,1 million AQSH dollari 1-sektorga, 9,5million AQSH dollari 2-sektorga, 3,2million AQSH dollari 3-sektorga va 1,5 million AQSH dollari 1-sektorga to‘g‘ri keladi.

Joriy yilda eksport qilinadigan mahsulotlarni o‘sish sur’ati quyidagilardan iborat: - Tikuv-trikotaj mahsulotlari (19,2 million AQSH dollar); - Paxta va ip kalavasi (2,0 million AQSH dollar); - Kiyim-kechak mahsulotlari (7,5 million AQSH dollar); - Boshqa sanoat mahsulotlari (0,7million AQSH dollar); - Meva-sabzavot mahsulotlari (5,1 million AQSH dollar); - Mayiz mahsulotlari (1,7 million AQSH dollar); - mosh mahsulotlari (3,1million AQSH dollar); - Quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari (0,35 million AQSH dollar). 

Xulosa qilib aytganda, 2023-yilda 65 turdagi mahsulotlar 15 ta eksportyor korxonalar tomonidan 25 ta mamlakatga eksport qilinadi.

Eshpo‘lat SAFAROV.

2015-2024 © Каттақўрғон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM