insurez

Tuman hokimi J.Nasriddinovning O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Barchangizni 1-oktyabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan samimiy tabriklaymiz. Bu kun butun xalqimiz uchun qadrlidir, chunki ustozlarimizning mehnati va murabbiylarning fidoyiligi tufayli yurtimizda bilimli, ma’naviyatli, yetuk kadrlar voyaga yetmoqda.

Ustozlik kasbi eng sharafli va eng og‘ir mas’uliyatli kasblardan biridir. Zero, kelajak avlodning tarbiyasi, Vatan ravnaqi va millat istiqboli siz azizlarning fidokorona mehnatlaringiz bilan chambarchas bog‘liqdir. Har bir insonning hayotida o‘z ustozlari bor, ular bergan bilim va tarbiya insonni to‘g‘ri qaror qabul qilishda va insoniy fazilatlarni qadrlashda bosh omil bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois ham “Ustoz – otadek ulug‘” degan hikmat xalqimiz qalbida chuqur ildiz otgan.

Bugungi kunda yurtimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, yosh avlodni bilimli, yuksak ma’naviyatli va vatanparvar insonlar etib tarbiyalash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan olib borilayotgan islohotlar, o‘quv muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘qituvchilarning mehnatini munosib rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar buni yaqqol tasdiqlaydi.

Hurmatli ustozlar! Sizning o‘z kasbingizga sadoqatingiz tufayli ming-minglab o‘quvchilar hayotda o‘z o‘rnini topmoqda, jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda. Sizlar yoshlarga nafaqat bilim, balki ezgu fazilatlarni singdirib, insoniylik, halollik, mehr-shafqat va vatanparvarlik kabi ulug‘ qadriyatlarni o‘rgatmoqdasizlar.

Davlatimiz rahbari tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining  80-sessiyasida Biz pedagoglar kasbining nufuzini oshirishni muhim yo‘nalish deb bilamiz va butun dunyodan ustozlar tajribasini almashish uchun Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish taklifi kiritilgani yuksak e’tirofga sazovordir.

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Murabbiylik ham ulkan mas’uliyat va fidoyilik talab qiladi. Yoshlarni sport, san’at va boshqa yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlab, ularga o‘z qobiliyatlarini yuzaga chiqarishda ko‘maklashayotgan barcha murabbiylarga ham minnatdorchilik bildiramiz. Sizlarning mehnatingiz orqasida yoshlarimiz xalqaro miqyosda yuksak natijalarga erishmoqda, bayrog‘imizni baland ko‘tarmoqda.

Ushbu qutlug‘ kunda ta’lim va tarbiya sohasida faoliyat yuritayotgan barcha ustoz va murabbiylarga o‘z minnatdorchiligimizni izhor etamiz. Sizlarning halol va fidokorona mehnatingiz hech qachon unutilmaydi, doimo xalqimiz hurmatida bo‘lib qoladi.

Sizlarga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, tinch va farovon hayot, sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz.

Yana bir bor bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustoz va murabbiylar!

Hujjatlar


  • Hujjatlar yo'q

Teglar