insurez

Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni

Assalomu alaykum, aziz mehmonlar!

Qadrli Kattaqo‘rg‘onliklar!

Muhtaram dehqon va fermerlar!

 

Avvalo, Siz azizlarni, sizlarning timsolingizda butun tumanimiz ahlini bugungi ayyom – Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Yurtimizda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” tamoyili asosida hosil bayrami nishonlanayotgan shu fayzli damlarda, yangi O‘zbekiston ravnaqi va aholi farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan, qadoq qo‘li va fidoyi qalbi bilan elimizning rizq-nasibasini yaratayotgan, o‘z ishining ustasi bo‘lgan mohir dehqon va fermerlar, bog‘bonlar, chorvador va pillakorlar, suvchilar va irrigatorlar, agronom va mexanizatorlar, agroklasterlarning rahbarlari va ishchi-xodimlari, dehqon xo‘jaligi rahbarlari, sohaning jonkuyar olimlari hamda mutaxassislariga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Aziz do‘stlar!

Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida uzoqni ko‘zlagan holda amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida, bu sohada salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Ma’lumki, dehqonchilik yer yuzidagi eng sharafli, ayni vaqtda mashaqqatli kasblardan biridir. Yurtimiz qishloq xo‘jalik sohasi bu yil ham turli qiyinchiliklarga duch kelganiga barchamiz guvohmiz.

Dunyo miqyosida davom etayotgan murakkab bir vaziyat ta’siri, qolaversa, ob-havoning injiqliklari, yoz chillasining o‘ta issiq kelishi, anomal issiqlar, suv resurslarining har yilgidan sezilarli darajada tanqisligi dehqonlarimizning iroda va matonatini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.

Lekin, qiyinchiliklarga qaramasdan, barcha tarmoqlarda mo‘l hosil yetishtirilib, avvalgi yillarga nisbatan yuqori marralarga erishishda dehqonlarimizning xizmati tahsinga sazovordir.

Ana shu sinovlarga qaramasdan, tumanimiz dehqonlari tomonidan 69,8 ming tonna g‘alla, 46,5 ming tonna paxta, qariyb
135 ming tonna sabzavotlar, 28 ming tonna kartoshka,
10,0 ming tonna poliz mahsulotlari, 24,1 ming tonna mevalar,
20 ming tonna uzum, 435 tonna pilla, 36 ming tonna go‘sht hamda 106 ming tonna sut tayyorlashga erishildi.

Hozirgi vaqtda dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarish dolzarb masala bo‘lib borayotgani hech kimga sir emas.

Shuning uchun ham iqtisodiyotimizni, jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish va oziq-ovqat ekinlarini yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yerni haqiqiy egasiga berish, ayniqsa, mahsulot yetishtirishdan tortib, uni sotishgacha bo‘lgan agrobiznesning yaxlit zanjirini o‘z ichiga qamrab olgan klaster modelini va kooperatsiya tizimini to‘liq yaratishga jiddiy ahamiyat qaratilmoqda.

Agrar sohaning muhim tarmog‘i bo‘lgan paxtachilikda olib borilayotgan islohotlar natijasida joriy mavsumda ulkan natijalar qayd etildi desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Zero, tumanimiz paxtakorlari joriy yilda Viloyatda birinchilardan bo‘lib paxta yetishtirish shartnomaviy rejasini bajardi. Jumladan, birgina “Robiya Muxammadieva” fermer xo‘jaligi misolida Xitoyning Shinjon tajribasini qo‘llash natijasida barchaga namuna bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Paxtachilikda o‘rtacha hosildorlik 43,7 s/ga.ni tashkil etgani ham dehqonlarimizning fidokorona mehnatlari tufaylidir.

Boshoqli don yetishtirishda ham rag‘batlantirish tizimi joriy etilgani o‘zining ulkan ijobiy samarasini berdi. Natijada  o‘rtacha hosildorlik 70-75 sentnerni tashkil etdi.

Eng muhimi, 43,6 ming tonna g‘alla dehqon va fermerlar ixtiyorida qoldirildi.

Co‘nggi yillarda meva-sabzavotchilikda amalga oshirilayotgan islohotlar ham o‘z natijasini bermoqda. O‘tgan davr mobaynida 5.2 mln dollar qiymatidagi 15 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari Rossiya, Xitoy, Turkiya, Ukraina, Ozarbayjon, Iroq, Germaniya va Qozog‘iston kabi 9 ta davlatlarga eksport qilindi.

Meva-sabzavot mahsulotlarini sifatli qayta ishlab, ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish bo‘yicha joriy yilda qiymati 5 mlrd so‘mlik 1,3 ming tonna quvvatga ega bo‘lgan 2 ta meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash korxonalari barpo etildi.

Qadrli mehmonlar!

Hurmatli soha vakillari!

Aytish mumkinki, yurtboshimiz tomonidan tarixiy qarorlar qabul qilinib, ulkan imkoniyatlar yaratib berayotganligi ham soha xodimlariga ulkan kuch, shijoat  bag‘ishlamoqda desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Mavsum oxirlab, yil yakunlari sarhisob qilinayotgan mana shu ayyomda Sizlarga, barcha qishloq xo‘jaligi xodimlariga olijanob mehnatingiz uchun yana bir bor o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman.

Hayot sinovlarida toblangan, mard va matonatli fermerlarimiz, barcha qishloq xo‘jalik xodimlari bundan buyon ham xalqimiz farovonligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdek g‘oyat mas’uliyatli vazifani ado etishda butun
kuch-g‘ayrati va imkoniyatlarini safarbar etadilar, deb ishonaman.

Muhtaram dehqon va fermerlar!

Sizlarni yana bir bor ushbu shukuhli va fayzli bayram bilan chin qalbimdan tabriklab, eng ezgu va samimiy tilaklarimni izhor etaman.

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli va sharafli mehnat faoliyatingizda ulkan zafarlar, xonadonlaringizga qut-baraka va xotirjamlik hamisha yor bo‘lishini tilayman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Hujjatlar


Teglar