insurez

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi J.Nasriddinovning Navro‘z bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

Hurmatli Kattaqo‘rg‘onliklar va tumanimiz mehmonlari!

Sizlarni ezgulik va yangilanish ramzi bo‘lmish Navro‘z umumxalq bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!

Tabiat uyg‘onib, yangi hayotga nafas berayotgan shu fayzli kunlarda yurtimizda ham katta shodiyu xursandchilik hukm surmoqda. Qadim-qadimdan Navro‘z mehr-oqibat, bag‘rikenglik va insonparvarlik bayrami sifatida xalqimiz qalbida alohida o‘rin egallab keladi. Bu kun nafaqat tabiatning, balki qalblarimiz va niyatlarimiz yangilanadigan ayyomdir.

Navro‘z — tinchlik va hamjihatlik timsoli. U insonlarni ezgulikka, mehnatsevarlikka va ahillikka chorlaydi. Ushbu muborak kunlarda yurtdoshlarimizning quvonchli chehralarini ko‘rish, bir-biriga chuqur hurmat va mehr-oqibat bilan munosabatda bo‘lishlari bugungi kunning eng katta baxtidir.

Mustaqillik yillarida yurtimizda Navro‘z bayrami o‘zining asl mohiyati bilan keng nishonlanib, ezgu an’analarimizni asrab-avaylash, milliy qadriyatlarimizni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bugungi fayzli sayillarda keksalarimizga hurmat, yoshlarimizga mehr-e’tibor, muhtojlarga saxovat ko‘rsatish kabi olijanob fazilatlar yanada namoyon bo‘lmoqda.

Aziz tumandoshlar!

Navro‘z yangi hayot, yangi rejalar va orzular timsoli. Shuning uchun bugun barchamiz qalbimizni ezgu niyatlar va yangi marralarga intilish hissi bilan to‘ldirishimiz lozim. Tumandoshlarimizning har biriga salomatlik, xonadonlariga fayzu baraka, ish faoliyatlariga muvaffaqiyat va bardavom rivoj tilayman.

Navro‘z bayrami qutlug‘ kelsin!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz farovon bo‘lsin!

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi
Jamshid Nasriddinov

Hujjatlar


Teglar